TOShKENT, 26 avg — Sputnik. O‘zbekistonning Shahrisabz va Ozarbayjonning Baylaqon shaharlari birodar shaharlarga aylandi, deya xabar berdi O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Ozarbayjon biznes-forumi”da Ozarbayjonning Baylaqon shahri hamda Shahrisabz shaharlarining birodarlashgan aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Kelishuv Shahrisabz shahri hokimi Sherzod Bo‘riyev hamda Baylaqon shahar hokimi Aziz Azizov tomonidan imzolanib, u ikki shahar o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishni maqsad qilgan.
“Kelishuvga ko‘ra, shaharlar turizm, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shaharlarning ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.