O‘zbekistonlik bolalar Moskvada o‘tayotgan xalqaro madaniy forumda ishtirok etmoqda

Bugun Moskva pionerlar saroyida uchinchi xalqaro bolalar madaniy forumi o‘z ishini boshladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Bugun Moskvada uchinchi xalqaro bolalar madaniy forumi ish boshladi, unda Rossiya va xorijiy davlatlardan ikki mingdan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda, deya xabar berdi forum tashkilotchilari.
Rossiya Federatsiyasining 89 ta hududidan, shuningdek, Hindiston, Misr, Serbiya, Belarus, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Bosniya va Gersegovina, Xitoy, Braziliya, Suriya va Turkmaniston, O‘zbekiston, Iordaniya kabi davlatlarning 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli bolalari ishtirok etmoqda.
Uchinchi xalqaro bolalar madaniy forumi
Forum doirasida 60 tadan ortiq tadbirlar, jumladan, mahorat darslari, taniqli madaniyat arboblari bilan muloqotlar, ma’ruzalar, seminarlar hamda boy ekskursiya dasturi bo‘lib o‘tadi.
Forumda an’anaviy tarzda madaniyat va san’atni rivojlantirish yo‘nalishida “Bolalar tashabbuslari tanlovi”ning finali o‘tkaziladi. Finalchilar o‘z loyihalarini namoyish etishadi, g‘olib Rossiya Madaniyat vazirligi tomonidan moliyaviy yordam oladi. Forum ishtirokchilari an’anaviy tarzda “Madaniyatni raqamlashtirish” mavzusidagi hakaton kutmoqda.
Forum o‘z ishini 24-avgustga qadar davom ettiradi.