TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Senatning 55-yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullashdi. Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga soladi.
Xususan:
zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish;
maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish.
“Qonun bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan 30 kun muddatgacha beriladi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.
Shuningdek, qonunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishda faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Aytilishicha, qonun bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning xayot faoliyatini baholash vakolati bir qator davlat organlariga, xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berilmoqda.
“Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda”, — deya qayd etilgan xabarda.
Sirojiddin Abdullayev
© Oliy Majlis Senata
Agentlik direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayevning qayd etishicha, qonun qabul qilinganidan keyin 6 oy ichida kuchga kiradi. Mazkur 6 oy davomida xodimlar baholash ko‘nikmasiga ega bo‘ladigan darajada tayyorlanadi.
Qonun bilan ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshirilmoqda.
“Ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Oxirgi 3-yilda 2 mingdan ortiq fuqaro sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.