TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Ertaga Oliy Majlis Senatining ellik beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Senat Kengashining navbatdagi majlisida Senatning ellik beshinchi yalpi majlisini 15-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda quyidagi hujjatlar muhokama qilinadi:
“O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun;
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun;
“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun;
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun.
Shuningdek, kun tartibidan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, bir qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilish va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar ham o‘rin olgan.
Qolaversa, O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqiladi. Suv xo‘jaligi vazirligining axborotini eshitish ham rejalashtirilmoqda.