TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Yangi o‘quv yili 4-sentabrdan boshlanadi, deya xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
“2023 yil 22-dekabrda “2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida” prezidenti Farmoni imzolangan. Mazkur Farmonda Mustaqillik bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanganligini inobatga olib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi — 2024-2025 o‘quv yili joriy yilning 4-sentabr kunidan boshlanishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga 12 ta turli o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” berilishi ko‘zda tutilgan. 2024-2025 o‘quv yilida respublikadagi mavjud 10 182 ta umumta’lim maktabiga 719 366 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga chiqishi rejalashtirilgan.