TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Parijdagi Olimpiadada qirg‘iz, qozoq va o‘zbekistonlik muxlislarning o‘zaro hamjihatligi butun dunyo tomonidan e’tirof etildi. Bu haqda prezident Sadir Japarov Olimpiada sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimida aytib o‘tdi, deb yozmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
“Qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganda, Parijdagi Olimpiadada bir tarix, bir ildiz, til va ma’naviyat bilan birlashgan qirg‘iz, qozoq va o‘zbek muxlislarining o‘zaro hamjihatligi butun dunyo tomonidan e’tirof etilganini ta’kidlamaslikning iloji yo‘q. Sportchilarimizning xorijda bir-birlariga iliq tuyg‘ularni bildirishlari, g‘alabalar quvonchiga sherik bo‘lishlari, quchoqlashib, qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishlari uch xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, oilaviy rishtalar va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlaganiga qat’iy ishonaman, — dedi Qirg‘iziston yetakchisi.
Japarov qirg‘iz, qozoq va o‘zbek xalqlarining o‘zaro hamjihatligi bundan keyin ham mustahkamlanib borishini tiladi.
Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan beri eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi – mahalliy sportchilar 6 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Japarov “butun boks olamini zabt etgan” bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li alohida tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Parij Olimpiadasida o‘zbekistonlik murabbiy sekundantlik qilgan qirg‘izistonlik bokschi finalga chiqdi. Munarbek Seyitbek o‘g‘li finalda o‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokovga qarshi jang qildi. Natijalarga ko‘ra, Xalokov oltin, Seyitbek o‘g‘li kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Uzbekskie bolelshiki na Olimpiyskix igrax v Parije.
© NOK Uzbekistana
Parij Olimpiadasi boks o‘yini finalida muxlislik qilgan o‘zbekistonliklar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bayroqlarini ham ko‘tarib muxlislik qilishdi. O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilganidek, “Mintaqamizdagi har bir mamlakatning yutug‘i - butun Markaziy Osiyoning yutug‘i. Sport birlashtiradi. Kuch - birlikda!”.