Buxoro viloyatiga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha 60 million dollar ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish: Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish.
Sputnik
TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Buxoro viloyatiga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha 60 million dollar ajratiladi. Bu haqda prezident shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Soveshanie pod predsedatelstvom Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda Buxoro viloyati misolida tadbirkorlarga ko‘proq sharoit yaratish, har bir tumanni ixtisoslashtirish, energiyadan oqilona foydalanish, yashil manbalarni ko‘paytirish, tuman idoralarini samarali ishlashga o‘rgatish ko‘rib chiqildi.
“Ikki oy oldin Buxoroga tashrifda hamma muammolar yechimi ko‘rsatib berilgan edi. Tashrifdan keyin viloyatga 1,4 trillion so‘m ajratildi. Bugun Prezident tomonidan imzolangan qarorlarga muvofiq viloyatga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha 60 million dollar, infratuzilmaga 40 million dollar ajratiladi”, — deyiladi xabarda.
Viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, tuman hokimlari shunga munosib ishlab, joylardagi tashkilotlar oldiga aniq vazifa, xodimlariga KPI belgilab, har kuni aniq natijaga ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusida har bitta tarmoq va viloyatdagi haqiqiy ahvol shunday tahlil qilinib, muhokama o‘tkazilishi belgilandi.
Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni ta’minlaydi.
Buxoroda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam.
Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, tuman xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda.
Soveshanie pod predsedatelstvom Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva.
Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida olib borilayotgan namunali ishlarni qayd etib, prezident boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
"Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi, ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi ta’minlanadi. Ularda kamida 5 ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi. Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga “xizmat ipotekasi”ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlash topshirildi.

Energiyadan oqilona foydalanish

Buxoroda 900 million kilovatt elektr va 400 million kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi qayd etildi. Bu – umumiy iste’molning 20 foiziga teng. Jumladan, 42 ta yirik korxonada uskunalarni yangilab, 25 foizgacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin.
Eng katta iste’molchi – “Amu-Buxoro kanali”. Nasoslarni yangilash natijasida yiliga 200 million kilovatt yoki 204 milliard so‘m iqtisod qilinmoqda. Lekin bu kam.
Nasos stansiyalari hududida 100 megavattli quyosh stansiyasi va 100 megavattli saqlash tizimi o‘rnatilsa, umumiy tarmoqdan olinadigan elektrni 25 foiz kamaytirish, kunlik o‘rtacha tarifni 12,5 foizga pasaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, 200 ming ko‘chmas mulk binosida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish imkoni bor. Bu bilan viloyat elektr iste’moli yana 20 foiz iqtisod bo‘ladi.
Shu bois Energetika vazirligi, viloyat va tuman mutasaddilariga yil yakunigacha 4 mingta inshootda quyosh panellari o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.