TOShKENT, 10 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti doirasidagi tadbirlar yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini o‘tkazdilar. Ikki tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Mirziyoyevga O‘zbekiston-Qozog‘iston do‘stligini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun o‘z mamlakatining oliy davlat mukofoti - "Oltin Qiron" ordenini tantanali ravishda topshirdi.
Yetakchilar Qozog‘iston poytaxtida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali ochilishida ishtirok etdilar.
O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevga mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sammit doirasida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda ikki tomonlama do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov kuzatib qo‘ydi.