Endi yer va binolarni qonuniylashtirish uchun bir martalik to‘lov undiriladi

Prezident 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiluvchi qonunni imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Endi yer va binolarni qonuniylashtirish uchun bir martalik to‘lov undiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud.
Qonun 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat.
Hujjatda quyidagi yer va mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilmoqda:
2018 yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
2018 yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
“bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
2021 yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;
davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;
hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.
Qonunda yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer bo‘yicha nizo bo‘lmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.
“Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarini kiritadi”, — deyiladi hujjat matnida.
To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi.
Turar joylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi e’tirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov olinadi.
“Bu to‘lov Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida 3 baravari, shaharlarda 2 baravari va boshqa aholi punktlarida bir baravarini tashkil etadi. Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga chegirma beriladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Bir martalik to‘lovdan kadastr va adliya idoralari, “O‘zbekkosmos” agentligining xarajatlari qoplanadi. Qolgan mablag‘lar tashabbusli budjet tadbirlariga yo‘naltiriladi, ya’ni o‘sha mahallalarning o‘ziga sarflanadi.
Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi, unga qadar joylarda targ‘ibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Qonun 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.