TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga 12 ta turli o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” berilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024-2025 o‘quv yilida respublikadagi mavjud 10 182 ta umumta’lim maktabiga 719 366 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga chiqishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar 586 290 nafar (81,5%) o‘quvchi qabul qilindi.
Vazirlik birinchi sinflar uchun “Prezident sovg‘alari”ni yetkazib berishni boshlandi.
Prezident sovg‘asi
© Ministerstvo doshkolnogo i shkolnogo obrazovaniya respubliki Uzbekistan
“1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga 12 ta turdagi (portfel, daftar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim, o‘chirg‘ich) o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” berilishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.
Ushbu o‘quv qurollari 10-avgustga qadar hududlarga, 20-avgustga qadar qabul qilingan o‘quvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga to‘liq yetkaziladi.
Prezident sovg‘asi
© Ministerstvo doshkolnogo i shkolnogo obrazovaniya respubliki Uzbekistan
“O‘quvchilarni o‘z vaqtida o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida 1-sinfga qabul qilingan har bir o‘quvchi elektron tizimga (adm.maktab.uz) kiritib borilmoqda”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, yangi o‘quv yilida asosiy e’tibor ta’lim sifatini oshirishga qaratiladi. Shu maqsadda respublikadagi 500 ta maktabda tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan Prezident maktablarining o‘qitish va baholash tizimi yangi o‘quv yilidan boshlab qo‘shimcha tarzda yana 1 000 ta maktabda joriy etiladi.
Yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish ko‘rsatkichini 96 foizga yetkazish belgilangan.