TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekistondagi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan raqobatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda 25 tadan ortiq tovarlar bo‘yicha raqobat muhiti yaxshilandi. 7 ta faoliyat turi bo‘yicha raqobatni cheklovchi eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Davlat ishtirokidagi korxonalar 42 foizga kamayib, tadbirkorlik subyektlari soni 1,6 barobar ko‘paydi.
Raqobatni rivojlantirish bo‘yicha galdagi vazifalar muhokama qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Tadbirkorlik subyektlarining bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablar bekor qilinadi. Tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan yengilliklar joriy etiladi, jumladan, ruxsat beruvchi jarayonlar va litsenziyalar javobgarlikni majburiy sug‘urtalash bilan almashtiriladi”, — deyiladi xabarda.
Tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari joriy etiladi.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
Tabiiy monopoliya sohalari bilan o‘zaro bog‘langan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati bo‘lgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya subyektlari ishtiroki cheklanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladigan davlat xaridlari ko‘lami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga to‘liq o‘tkaziladi.
Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.
Davlat organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari shakllanishi zanjirining barcha bo‘g‘inlarini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar, til biriktirish holatlari haqida ma’lumot taqdim etgan shaxslarni oshkor etmaslik va mukofotlash tizimi joriy etiladi.
“Umuman, mazkur konsepsiya samarasida energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarning oldi olinib, bu jarayonlarning shaffofligi ta’minlanadi. Tovar-xomashyo birjalarida takliflar ko‘paytirilib, xaridorlarning tanlash imkoniyati kengaytiriladi.
Raqobatni rivojlantirish bo‘yicha galdagi vazifalar muhokama qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Aytilishicha, prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, erkin bozor tamoyillarini ta’minlash, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
"Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ayrim funksiyalarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi", — deya qayd etilgan xabarda.
Qolaversa, tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini doimiy tahlil qilib, tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish vazifasi qo‘yildi.