TOShKENT, 4 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik dzudochi Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini yuqori notada yakunladi, deya xabar berdi Miliy olimpiya qo‘mitasi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng mahoratli dzudochi Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini rasman yakunlaganini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Matniyazova Olimpiya o‘yinlari doirasida aralash jamoaviy dasturda 3 ta terma jamoa vakillariga qarshi bahsda barcha bellashuvlarda g‘alaba qozondi va sportchilik faoliyatini yuqori notada yakunladi.
"Bir necha kundan so‘ng 30 yoshni qarshi oladigan sportchimiz Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari, 3 ta Osiyo o‘yinlari, jahon chempionatlari, “Katta dubulg‘a” va Gran-pri musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi", —deyiladi xabarda.
Aytilishicha, O‘zbekistonda ayollar dzudosining yangi bosqichga ko‘tarilishida Matniyazovaning ham ulkan hissasi bor.
Ma’lumot uchun, Matniyazova 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.