TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Chekishni tashlagandan so‘ng dastlabki o‘zgarishlar bir necha daqiqa ichida boshlanadi. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, tamaki chekish oqibatida dunyoda har yili o‘rtacha 8 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. Chekish inson umrini taxminan 10-yilga qisqartirishi ham olimlar tomonidan isbotlangan fakt.
Sigaretdan voz kechgandan keyin organizmda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?
“Chekishni tashlagandan so‘ng dastlabki o‘zgarishlar bir necha daqiqa ichida boshlanadi. Xususan, 20 daqiqadan keyin puls va arterial bosim normallashib, qon aylanishi yaxshilanadi. 8 soatdan so‘ng qondagi uglerod monoksid miqdori kamayadi, kislorod esa normal ko‘rsatkichga qaytadi. Bu, o‘z navbatida, to‘qimalarda gipoksiya paydo bo‘lishining oldini oladi”, — deydi mutaxassis.
Chekish qon tomirlarining torayishi va arterial bosimning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Sigaretdan voz kechgandan 24 soat o‘tib, miokard infarkti xavfi pasaya boshlaydi, yurak va qon tomirlari meyorda ishlashi tiklanadi.
“Sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa kimoviy moddalar asab tizimiga zarar yetkazishi tufayli insonda ta’m va hid sezish qobiliyati yomonlashadi. Chekishni tashlagan odamda 48 soatdan keyin bu hislar yaxshilanadi. Nikotin va boshqa toksinlar bronxlarda spazmlar keltirib chiqarib, nafas olish tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 72 soat ichida bronx mushaklari bo‘shashib, nafas yo‘llari shilliq va boshqa ifloslanishlardan tozalanadi”, — dedi Ashurov.
Qayd etilishicha, 2-12 hafta ichida tamakidan voz kechgan insonda qon aylanishi va o‘pka faoliyati yaxshilanadi. Bu esa organlar va to‘qimalarning kislorod va ozuqa moddalari bilan to‘yinishiga xizmat qiladi. 3-9 oy o‘tib, yo‘tal va nafas qisishi kamayadi.
Shuningdek, 1-yildan keyin yurak ishemik kasalligiga chalinish xavfi ikki barobarga kamayadi. Chekish insultning asosiy sabablaridan biri ekanligi sir emas. Sababi u qon tomirlarning torayishiga olib kelib, tromb hosil bo‘lish ehtimolini oshiradi. Bu zararli odatdan voz kechgan odamda 5-yildan so‘ng insult xavfi chekmaydiganlar darajasiga tushadi.
Tamaki tutunidagi toksinlar hujayralarda mutatsiyalarni keltirib chiqarishi sababli ular saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ammo chekishni tashlash kanserogenlar ta’sirini kamaytiradi va hujayralarning tiklanishiga yordam beradi — 10-yildan so‘ng o‘pka saratoni xavfi chekuvchilarga qaraganda ikki barobarga kamayadi. Buning natijasida og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, oshqozon raki ehtimoli ham pasayadi.
“15 yil o‘tib, yurak ishemik kasalligi va miokard infarkti xavfi chekmaydiganlar darajasiga qaytadi. Yurak va qon tomirlari chekish oqibatida yetkazilgan zarardan to‘liq tiklanadi. Arterial gipertenziya, ateroskleroz va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi”, — deydi mutaxassis.
Aytilishicha, chekishni tashlash ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan oson kechmaydi. Nikotinga qaramlikdan qutilish uchun vaqt, sabr va iroda kerak.