TOShKENT, 3-avgust — Sputnik. AQSh prezidentligiga nomzod respublikachi Donald Tramp demokrat raqibi Kamala Xarris bilan 4-sentabr kuni Pensilvaniyada debat o‘tkazmoqchi. Bu haqda Trampning o‘zi ma’lum qildi.
“Men “Fox News” bilan 4-sentabr, chorshanba kuni Kamala Xarris bilan debat o‘tkazish uchun kelishuvga erishdim”, - deb yozdi Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp va Xarris bir necha haftadan beri debatning sanasi va kanali borasida kelisha olmayapti. Debatlarning ikkinchi raundi dastlab 10-sentabr kuni ABC telekanalida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq rejalarga AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ishtirok etishi kiritilgandi, u esa poygadan chiqishga qaror qildi. Shu munosabat bilan Tramp jamoasi ABC telekanalidagi debatda ishtirok etishni hali aniq va’da qila olmasligini aytdi, chunki demokratlar o‘z nomzodini o‘zgartirdi. Respublikachilarga yaqin “Fox News” 17-sentabr kuni o‘z maydonida debat o‘tkazishni taklif qilgan, Tramp esa ABC telekanalini demokratlarga xayrixohlikda va feyk xabarlar tarqatishda ayblamoqda.
AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.