Malayziyadagi ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil qilindi

Tadbir doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 3-avgust — Sputnik. 1-4 avgust kunlari Malayziyaning Malakka shahrida Xalqaro ziyorat turizmi va mahsulotlari savdosi ko‘rgazmasi (International Islamic Trade & Tourism Expo – IITTE) bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston elchixonasi tomonidan O‘zbekiston milliy stendi tashkil qilindi.
Ko‘rgazma ilk bor Malayziyaning bir qator turizm assotsiatsiyalari, Turizm, san’at va madaniyat vazirligi, Malakka shtati administratsiyasi, "GISB Holding" kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Unda 300 dan ortiq turkompaniyalar, qishloq xo‘jaligi, halol oziq-ovqat, tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari hamda 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaga 50 mingdan ortiq kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga respublikada turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Stend Uzbekistana predstavlen na vistavke islamskoy torgovli i turizma v Malayzii
Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san’ati, milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Malayziya fuqarolari uchun respublikaga 30 kungacha vizasiz tartib amal qilayotgani alohida ta’kidlandi. Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar haqida axborot berildi.
Milliy stendda ziyorat turizmi, tarixiy-madaniy turizm, gastronomik turizm, "Umra+", qishki turizm kabi sayyohlik dasturlari mahalliy aholi orasida keng targ‘ib qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston "Hunarmand" uyushmasi a’zolari ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy san’at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkazildi. "Nur Malaysia Khurasan Tour & Travel" kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quruq mevalar, oziq-ovqat, sopol, tikuvchilik mahsulotlari namoyish qilindi.
O‘zbek gastronomik turizm salohiyatini namoyish qilish maqsadida ko‘rgazma doirasida milliy taomlar tayyorlandi va malayziyaliklarga ulashildi.