TOShKENT, 1-avgust — Sputnik. Toshkent viloyatida joylashgan Oqqo‘rg‘on tumanini rivojlantirish uchun 3,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida qayd etilishicha, Oqqo‘rg‘on tumanida 2024-2025 yillarda 104 ta loyiha bo‘yicha jami 3,4 trillion so‘m mablag‘larni o‘zlashtirish belgilab olindi.
Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar qadar sanoat ishlab chiqarish 106 foizga o‘sishini ta’minlash, 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
“Ikkinchi yarim yillikda 70,9 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtiririlishini ta’minlash lozim. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 110,1 million dollar tashkil etib, qishloq xo‘jaligi sohasida yil yakuniga qadar, 8,7 ming, xizmat ko‘rsatishda 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratish reja qilib olindi”, — deyiladi xabarda.
Hududda quyidagilar amalga oshiriladi:
119 km. umum foydalanish va ichki yo‘llar ta’mirlanadi;
73,1 km ichimlik suvi tarmoqlari va 15 ta suv inshootini qurish ishlari amalga oshiriladi;
44 millard so‘m mablag‘lar hisobiga elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Qolaversa, mazkur yillarda tumanda 29 ta ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini qurish, ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha 117, 4 millard so‘mlik ishlar bajariladi.