TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) siyosiy partiyalarning vakolatli vakilini ro‘yxatga oldi, endi partiyalar saylovlarda ishtirok etish uchun imzo to‘plashni boshlaydi.
Vakolatli vakilni ro‘yxatga olish MSK tomonidan tasdiqlangan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
“Unga ko‘ra siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab 5 kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Shu bois, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari o‘z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ilk bor “E-saylov” axborot tizimi orqali MSKga murojaat qildi”, — deyiladi MSK xabarida.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi hamda vakolatli vakillarga mandatlar elektron shaklda berildi.
Endi vakolatli vakil partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etadi.
Shuningdek, vakolatli vakillarga siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
Zaregistrirovani upolnomochennie predstaviteli politicheskix partiy
© SIK
"Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida 4 oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plagan holda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin", — deyiladi xabarda.
Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya 40 ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkin.
Parlament saylovlarida quyidagi partiyalar ishtirok etadi:
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi;
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;
O‘zbekiston Ekologik partiyasi.
Eslatib o‘tamiz, 26-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi. Konstitutsiyaning 128-moddasi va Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, saylovlar shu yil 27-oktabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.