Toshkent aeroportida yo‘lovchilardan fikr va takliflarni qabul qiluvchi QR-kodlar ishga tushdi

Yaqin kelajakda bunday QR-kodlar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda mavjud bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Toshkent aeroportida qayta aloqa va fikr-mulohazalar hamda takliflar bildirish uchun QR-kodlar joylashtirildi, deya xabar berdi "Uzbekistan Airports".

“Endi har bir yo‘lovchi smartfon orqali QR-kodni skanerlash orqali aeroport faoliyatiga baho berishi va o‘z takliflarini qoldirishi mumkin. Bu boshqaruv kompaniyasiga yo‘lovchilarning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga va xizmat ko‘rsatish, navigatsiya va noaviatsiya xizmatlari sifatini yaxshilashga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

Poytaxt aeroportining uchib kelish va uchib ketish zallarining ko‘zga ko‘ringan joylariga o‘rnatilgan QR-kodlar yo‘lovchilarni qulaylik uchun uch tilda – o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlab chiqilgan qisqa so‘rovnomaga yo‘naltiradi. Anketa havolasi www.uzairports.com rasmiy veb-saytida ham mavjud.
“Yaqin kelajakda bunday QR-kodlar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda mavjud bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Xabarda kompaniya yo‘lovchilardan aeroport xizmatlarini yanada qulay qilish uchun birgalikda yangi aloqa tizimidan faol foydalanishni so‘ragan.