HAMAS siyosiy burosi rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirildi

Falastin harakati Haniyaning o‘limini tasdiqladi.
Sputnik
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Falastinning HAMAS harakati siyosiy burosi rahbari Ismoil Haniya Eron poytaxti Tehrondagi qarorgohiga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda "Mehr" agentligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotiga tayanib xabar berdi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Falastin qarshilik harakati HAMASning siyosiy burosi rahbari Ismoil Haniya Tehronda shahid bo‘lib vafot etdi”, — deyiladi bayonotda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda Haniyaning qo‘riqchilaridan biri ham halok bo‘lgan. Voqea sabablari o‘rganilmoqda.
HAMAS harakati rasmiy bayonotida Siyosiy buro rahbarining o‘limini tan olib, voqeada Isroilni aybladi. Harakatning bildirishicha, hujumlar Haniya Eronning yangi prezidentining inauguratsiya marosimida ishtirok etganidan keyin sodir bo‘lgan.