TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Deputatlar Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasini qabul qilishdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Quyi palataning navbatdagi majlisida “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni (Dushanbe, 2023-yil 14-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi qabul qilindi.
Mazkur bitim mintaqa yoshlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim hujjat hisoblanadi.
“Bitimni tuzish tashabbusi 2022-yil 21-iyulda Cho‘lponotada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan”, — deyiladi xabarda.
Hujjat Markaziy Osiyo davlatlarida davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat takshilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga hamda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bitimning asosiy yo‘nalishlari:
yoshlarni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy hayotiga jalb qilish;
yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirish;
sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan turli dasturlarni ishlab chiqish;
ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi yoshlar o‘rtasida ochiq va sifatli ta’lim olishni ta’minlash;
ilg‘or tajriba almashish hamda ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish;
yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida olimpiya, paralimpiya, shuningdek noolimpiya va milliy sport turlarini targ‘ib qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ijodiy iste’dodli, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
yoshlar o‘rtasida ixtiyoriy (volontorlik) harakati faoliyatini rag‘batlantirish va targ‘ib qilish;
Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim yoshlar turizmini rivojlantirishga ko‘maklashish va yoshlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan turizm infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
yoshlarning ijtimoiy zaif guruhlarini, shu jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy hayotga moslashtirishga qaratilgan choralar ko‘rish;
yoshlarning huquq va erkinliklari sohasida faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish.
Shuningdek, yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlar, loyihalar, yoshlar lagerlari, davlatlararo yoshlar aksiyalari, seminarlar, munozara klublari, davra suhbatlari, yoshlar forumlari va mintaqadagi yoshlar siyosatining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalarni tashkil etishga ko‘maklashiladi.
“Muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ushbu bitimning tashabbuskori va depozitariysi sifatida uni birinchilardan bo‘lib ratifikatsiya qilishi, ushbu xalqaro hujjatning kuchga kirishi uchun Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari ham ichki tartib-taomillaridan o‘tkazishiga turtki bo‘lishini alohida ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Deputatlarning fikricha, bitimning ratifikatsiya qilinishi Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlar siyosati sohasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga imkon yaratadi. Shuningdek, mintaqadagi yoshlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.