Toshkentdagi ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasida Belarus bayrog‘i ko‘tarildi

Belarusning Tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Toshkentdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Ijroiya qo‘mitasi shtab-kvartirasida Belarusning tashkilotga a’zo bo‘lganligi munosabati bilan davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati vakillari, ShHTga a’zo davlatlarning Favqulodda va muxtor elchilari, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha hamkorlar, ShHTga a’zo davlatlarning ShHT MATTdagi doimiy vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov o‘z so‘zida ShHT doirasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanib borayotgani hamda tenglik va hurmat tamoyillariga asoslanishini qayd etib o‘tdi.

“Rossiya Tashkilot doirasidagi sheriklik munosabatlariga katta ahamiyat beradi, uning faoliyati, birinchi navbatda, tenglik, hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha birgalikda yechim izlash, xavfsizlik sohasidagi muammolarni muhokama qilish tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda”, — dedi elchi.

Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Terebov, o‘z navbatida, Belarus tajribasi tashkilotning terrorizmga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini kuchaytirishini ta’kidladi.

“Ushbu tashkilotning o‘ninchi a’zosi bo‘lganimiz juda ramziy ma’noga ega, agar shunday solishtirilsa, bu ikki qo‘lning 10 ta barmog‘i. Qachonki biz yaqinlashsak, kuchliroq bo‘lamiz, bizga jarohat yetkazish qiyinroq bo‘ladi", — dedi Sergey Terebov.

Bayroq ko‘tarish marosimi qanday o‘tgani haqida batafsil — Sputnik videosida.