TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Ko‘pmillatli va ko‘pmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida O‘zbekiston muhim tajriba to‘pladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan aholiga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.
“Butun O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan islohotlarimiz jarayonida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashni eng ustuvor vazifalarimizdan biri etib belgiladik. Dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30-iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilganimiz va o‘ziga xos bayram sifatida keng nishonlashni an’anaga aylantirganimiz ham shundan dalolat beradi”, — deyiladi bayram tabrigida.
Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada 130 tadan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda o‘qiyotganlar davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda tashkil etilgan “Do‘stlik uylari” faoliyati har taraflama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda. Ko‘pmillatli va ko‘pmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida O‘zbekiston muhim tajriba to‘pladi. Bizning bu boradagi faoliyatimiz dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda”, — deya qayd etilgan tabrik matnida.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bundan buyon ham nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
Mamlakatda millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettiriladi.