O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradagi ikkita bojxona postini 24/7 rejimiga o‘tkazdi

“Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda “Oq-qiya” bojxona punkti tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Shohimardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti endi tunu kun ishlaydi, deya xabar berdi bojxona qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, 26-iyulidan boshlab Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.

“Endilikda Shohimardonga dam olgani borayotgan fuqarolar ushbu bojxona obyektlari orqali istalgan vaqtda harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar”, — deyiladi xabarda.

Xabarda ushbu yangilik mamlakatda ichki va tashqi turizmning rivojlanishiga turtki bo‘lishi aytilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida tomonlar ikkala davlat chegarasida joylashgan chegara bojxona postlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqishgan edi.
Shundan so‘ng, ikki davlat bojxona hamda chegara xizmati rahbarlari Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlari faoliyatini birgalikda ko‘zdan kechirib, yangi bojxona postlarini tashkil etish va mavjudlaridan samarali foydalanish, bojxona postlarida tirbandliklarning oldini olish borasida mavjud imkoniyatlarni tahlil qilishdi.