TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Ilk bor Oliy Majlis palatasi saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi, deya ma’lum qildi MSK.
Avval xabar berilganidek, 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Saylovlar “Mening tanlovim-obod vatanim” shiori ostida o‘tkaziladi.
Saylov kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega.
Saylovda ishtirok etish uchun partiya saylov kampaniyasi boshlanishidan kamida 4 oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lishi kerak. Shuningdek, partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi kerak.
Deputatlarni saylash 75 nafari saylovchilar tomonidan nomzodlarga ovoz berish yo‘li bilan (majoritar), 75 nafari siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (proporsional) amalga oshiriladi.
Saylovlarda 150 nafar Qonunchilik palatasining deputati, 56 nafar Senat a’zosi, 65 nafar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, 208 ta tuman va shaharlarning Kengashlari deputatlari, Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari deputatlari saylanadi.
Siyosiy tadbirda 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin nomzodlarning ishonchli vakillari, 120 mingdan ziyod saylov komissiyalari a’zolari va 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etadi.
“E-SAYLOV” axborot tizimida 400 minnga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilariga oid ma’lumotlar bazasi shakillanadi:
Saylov komissiyasi a’zolari;
Deputatlikka nomzodlar;
Ishonchli vakillar;
Kuzatuvchilar.