TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. So‘nggi yillarda dunyo aholisi orasida insultga chalinish holatlari tobora ortib bormoqda. Achinarlisi, noto‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik tufayli bu kasallik nafaqat katta yoshli insonlar, balki yoshlar orasida ham tez-tez kuzatilyapti. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali direktori Yashin Ahmadov ma’lum qildi.
“Insult – inson hayotiga zomin bo‘ladigan jiddiy xastalik. U eng ko‘p tarqalgan o‘lim sabablari orasida uchinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, bu dard dunyo aholisi orasida nogironlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois bu kasallikning oldini olish choralari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish foydadan holi emas”, — deydi mutaxassis.
Insult – bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi tufayli miya to‘qimasining shikastlanishidir. Uning ikkita – gemorragik va ishemik turlari bor.
Gemorragik insult – miya to‘qimasiga, to‘r osti bo‘shlig‘iga yoki miya qorinchalariga qon quyilishi bilan kechadigan miyadagi qon aylanishining o‘tkir buzilishidir. Xastalikning bu turida barcha belgilar ishemik insultdagiga qaraganda ancha yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bundan tashqari, insultning bu turida bemor qusadi, yuzi qizaradi, uyquchan bo‘lib, ensa mushaklarida spazm hosil bo‘ladi va ko‘z to‘r pardasiga qon quyiladi. Gemorragik insult to‘satdan boshlanib, juda tez rivojlanadi.
Ishemik insultda bosh miyani ozuqa bilan ta’minlovchi asosiy qon-tomirlar trombozga uchraydi, ya’ni berkilib qoladi yoki mayda tomir tarmoqlarida spazm rivojlanadi.
Miya qon aylanishining buzilish nuqsonlari insonda bir necha oy, hatto yillar davomida paydo bo‘ladi. Ular insult belgilariga o‘xshaydi, biroq bir necha daqiqada, kamdan-kam hollarda bir necha soat mobaynida davom etishi bilan farq qiladi. Ko‘pincha bu alomatlar tezda o‘tib ketadi va miya faoliyati tiklanadi.
Lekin bunday tiklanishlarga ishonmaslik kerak, ishemik kasallik yillar davomida surunkali ravishda miya to‘qimalarini yemirib boradi.
Insultga olib keluvchi omillarning deyarli barchasining oldini olish mumkin. Bu omillar: qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish va tamaki chekish, kamharakatlik, ruhiy zo‘riqishlar, ateroskleroz, arterial gipertoniya, qandli diabet va yurak aritmiyasi kabilardir.
Insultga olib keluvchi eng xatarli omillardan biri — arterial gipertoniya, ya’ni qon bosimining oshib ketishidir. Shuningdek, ateroskleroz ham insultga sabab bo‘lishi mumkin.
Aytish joizki, yosh ulg‘aygan sayin ateroskleroz kasalligi ko‘p uchray boshlaydi. Shuning uchun ham asosan katta yoshlilar insult bilan kasallanadi.
Chekish insult rivojlanishini deyarli 2 barobarga oshiradi. Bu illat qon ivishini kuchaytirib, tromblar hosil bo‘lishini tezlashtiradi va tomirning ichki devorini zararlaydi, tomir torayib, unda qon aylanishi sustlashib boradi.
Bundan tashqari, spirtli ichimliklar iste’moli ham insultning rivojlanish xavfini bir necha barobarga oshirishi isbotlangan. Shu bois kasallikning oldini olish uchun albatta to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish zarur.