Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyati yanada takomillashtiriladi — prezident farmoni

Farmonga muvofiq, Ekologiya vazirligiga qator vakolatlar berildi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyati yanada takomillashtiriladi. “Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:
ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi;
ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49-yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:
1️-bosqichda – 10-yil muddatga;
investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra:
2️-bosqichda – 10-yil muddatga;
3️-bosqichda – 29-yil muddatga.
Bunda, 2-yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.
Elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga tutash hududdagi ov qilish joylari ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi.
Farmonga muvofiq, Ekologiya vazirligiga quyidagi vakolatlar berildi:
ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlash;
ovchilik xo‘jaligini yuritishda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formatini tasdiqlash;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risida shartnoma tuzish.
2024 yil 1-oktabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi.
2024 yil 1-oktabrdan ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi, jumladan:
ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi;
ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga YaIDXP orqali 2-yil muddatga beriladi.
2024 yil 1-sentabrdan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3-yil muddat mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi.