O‘zbekistondagi jazirama havo tufayli SSVning alohida nazorati yo‘lga qo‘yildi

SSV aholini jaziramadan ogohlantirdi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo‘lga qo‘yildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 25-29 iyul kunlari O‘zbekistonda juda issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, respublikaning aksariyat hududlarida harorat kunduzi 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +44-45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
“Yurtimizda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo‘lga qo‘yildi. Yurtimizdagi barcha birlamchi tibbiyot muassasalarida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 2 852 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limlarida hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi.
Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.
Vazirlik soat 10:00 dan 17:00 ga qadar soya-salqin joylarda bo‘lishni tavsiya etmoqda.
Jaziramadan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar:
Issiq ob-havoda kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish kerak.
Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilmaslik lozim. Yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha ko‘proq meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, qusish, burundan qon ketishi, quloqlarda shovqin, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Hatto ayrim paytlarda tutqanoq tutish, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi va bemor hushini yo‘qotishi mumkin.