O‘zbekiston Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini boshlamoqda

O‘zbekiston rasmiylari Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, sportchilarga mas’uliyatli o‘yinlar oldidan omad tilashdi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Bugun O‘zbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini boshlamoqda, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Delegatsiya rahbariyati sportchilar yashayotgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ministr sporta i rukovodstva NOK na Olimpiyskix igrax Parij-2024
“Dastlabki uchrashuv futbolchilarimiz bilan o‘tdi. Sport vaziri Adham Ikramov jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadzega mas’uliyatli o‘yin oldidan omad tilab, delegatsiyamiz ishtirokini chiroyli g‘alaba bilan boshlab berishlarini tilab qoldi. O‘z navbatida bosh murabbiyi buning uchun jamoa qo‘ldan kelgan barcha ishni qilishga, yigitlarimiz maydonda oxirigacha o‘ynashga tayyor ekanliklarini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Ministr sporta i rukovodstva NOK na Olimpiyskix igrax Parij-2024
Mutasaddilar trenajor zali, delegatsiya uchun ajratilgan xonalar, tibbiyot bo‘limi va shtab faoliyatini, sportchilar mashg‘ulotini ko‘zdan kechirishdi. Tashrif doirasida shtab yig‘ilishi ham o‘tkazilib, unda har bir mutaxassisga o‘z faoliyatini yuqori darajada yo‘lga qo‘yish, sportchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib berish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bugun Parij Olimpiadasidagi ishtirokini Ispaniyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Mazkur o‘yinda futbolchilar to‘liq oq libosda, darvozabon esa qora libosda harakatlanadi. Uchrashuvni esa afrikalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.
Eslatib o‘tamiz, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari 26-iyul – 11-avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda 206 ta mamlakatdan 10 mingdan ortiq sportchi ishtirok etadi. O‘zbekistondan 19 ta sport turi bo‘yicha jami 90 nafar sportchi qatnashadi. An’anaviy sport turlaridan tashqari bu yil ilk bor futbol, suvga sakrash, kamondan otish, ayollar kurashi bo‘yicha ham yo‘llanmalar olingan. Qolaversa, bu yilgi olimpiyachilarning 36 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.