Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini “chuvalchang” iste’mol qilmaslikka chaqirdi

SSV: Chuvalchang bilan “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini soxta tabiblarga aldanib qolmaslikka chaqirdi, deb yozadi vazirlik matbuot xizmati.
Vazirlik ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar ko‘paymoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov turli yo‘llar bilan odamlar ishonchiga kirib, shunday “xizmat”larni taklif qilib kelayotgan ayrim shaxslar haqida munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib qoldi. Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolardir.
Turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yo‘l va uy sharoitida xalos bo‘lishni istaganlar “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolishmoqda.

“Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang iste’mol qilish foydali ekanligini targ‘ib qiluvchi videolavhalar tarqaldi. Unda xalq tabobati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan “tabib” tomonidan odamlarni o‘z tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni iste’mol qilib ko‘rsatishi aks etgan. Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan” , — deydi mutaxassis.

Uning qayd etishicha, chuvalchangi tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur masala bo‘yicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda respublikada 100 ta tadbirkorlik subyektiga xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalar berilgan.