"Hamkorlikni rivojlantirishdagi shaxsiy hissangiz beqiyosdir" — Putin Mirziyoyevni tabrikladi

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Rossiya yetakchisi Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni bilan samimiy qutladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Tabrikda Mirziyoyev prezidentlik faoliyati bilan katta hurmat va yuksak xalqaro obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgani qayd etilgan.
“Sizni tavallud kuningiz bilan samimiy muborakbod etaman. Prezidentlik faoliyatingiz bilan yurtdoshlaringiz o‘rtasida katta hurmat va yuksak xalqaro obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldingiz. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishdi, jahon maydonida o‘z mavqeyini mustahkamladi”, — deyiladi tabrik matnida.
Shuningdek, tabrikda Rossiya yetakchisi “davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, barcha yo‘nalishlarda samarali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissangiz beqiyosdir”, deya qayd etdi.
“Kutilmaganda foydali bo‘ldi”: Putin O‘zbekistonga tashrif haqida qanday fikrda?
“Yaqinda Toshkentda o‘tgan samarali muzokaralarimizni iliq eslayman. Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida konstruktiv muloqotni va yaqin hamkorlikni davom ettirishdan mamnunman. Sizga chin dildan mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman”, — deya xulosa qilgan Vladimir Putin.
Sherzod Asadovning yozishicha, O‘zbekiston prezidentining tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Ma’lumot uchun, bugun O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 67 yoshni qarshiladi.