TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyaning muhim hamkori, Moskva va Toshkent hamkorlikni rivojlantirish uchun eng keng istiqbolga ega. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.
Dmitriy Peskov Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilgani haqida gapirar ekan, O‘zbekistonni Rossiyaning muhim hamkori deb atadi.
“Bizni sheriklik, ittifoqchilik va strategik munosabatlar orqali birlashtirgan muhim hamkorimiz. Putinning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, hozirda har ikki davlat turli darajalarda amalga oshirayotgan butun yo‘l xaritasi belgilandi. Hamkorlikni rivojlantirish uchun eng keng istiqbollarga egamiz”, — dedi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Rossiya Federatsiyasi prezidentining shu yil 26-28 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.