TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, mustaqillikning 33-yillik shonli sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinadi hamda mamlakatning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlanadi.
Tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.
Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishi ta’minlanadi.
“Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar yuqori darajada o‘tkaziladi.