Orban YeI rahbarlariga Ukrainada tinchlik o‘rnatish rejasini topshirdi

Budapesht o‘zining YeIga raisligi davrini Ukrainada tinchlik muzokaralari uchun shart-sharoit yaratish uchun sarflaydi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik rejasi barcha Yevropa Ittifoqi yetakchilari stoli ustida turibdi, dedi bosh vazirining siyosiy maslahatchisi Balaj Orban.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya bu jarayoda katta rol o‘ynamaydi, lekin Orban ikki hafta ichida mojaroda bevosita ishtirok etayotgan va unga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha davlatlar yetakchilari bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi.

Siyosiy maslahatchi aytishiga ko‘ra, Budapesht o‘z raisligi davrini "tinchlik muzokaralari uchun shart-sharoit yaratish" uchun sarflaydi va "siyosiy tashabbuslarni" YeI Kengashida ko‘rib chiqadi.

"Vengriya bosh vaziri YeI rahbarlariga o‘z tashriflari haqida batafsil ma’lumot berdi. Chunki ayni damda bizning davlat bevosita urushayotgan tomonlar va mojaroning muhim ishtirokchilari qanday fikrda ekanligi, ularning manfaatlari o‘rtasida qanday manyovr qilish mumkinligi haqida eng yangi va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lgan yagona davlatdir", - dedi Balaj.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa tinchlikka jiddiy qarasa, u "hech bo‘lmaganda amalga oshirish uchun minimal imkoniyat"ga ega bo‘lgan rejani yaratishi mumkin, deb ta’kidladi Orban.
Eslatib o‘tamiz, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 2-iyul kuni Kiyevga, 5-iyul kuni Moskvaga, 8-iyul kuni Pekinga tashrif buyurib, u yerda davlat rahbarlari bilan uchrashgan edi. Shundan so‘ng Orban AQShga tashrif buyurib, u yerda Donald Tramp bilan uchrashgan edi.
Xitoyga tashrifidan so‘ng Orban Ukraina atrofidagi inqirozni mojaro tomonlari hal qilishi kerakligini, biroq uning tugashiga AQSh, Xitoy va YeI hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishini aytgan edi.
Yevropa Ittifoqi Orbanning Moskvaga tashrifini salbiy qarshi oldi. Jozep Borrel Orbanning Rossiyaga tashrif buyurish uchun Yevropa mandatiga ega emasligini aytdi. Shuningdek, OAVlar YeI bosh vazirlari Viktor Orban raislik davrida uning tashabbuslarini boykot qilish, Ukrainada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamaslikka kelishib olgani haqida yozdi.

Rossiyada esa aksincha, Orbanning tinchlik missiyasi ijobiy qarshi olindi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Orban muloqot uchun siyosiy irodasini namoyon etdi va Moskva buni juda ijobiy va foydali deb hisoblaydi.