Termizda yangi universitet ochiladi

Bu yil muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Termizda yangi universitet ochiladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.

"Surxondaryoda Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda", - deyiladi xabarda.

Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.
Qayd etilishiga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilida kirish imtihonlarida 805 ming nafar abituriyent ishtirok etmoqda. Bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilgan.