TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 15-iyuldan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi.
Talabalar o‘qishini quyidagi oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha arizalarni onlayn qabul qilish boshlandi:
xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan);
O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan;
xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining O‘zbekistondagi filiallaridan.
Xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish 15-iyuldan 5-avgustga qadar my.uzbmb.uz saytining "O‘qishni ko‘chirish (xorijiy va nodavlat)" bo‘limi orqali amalga oshiriladi.
Bunda, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMning mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalararo o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining transfer.edu.uz orqali qabul qilinadi.
Eslatamiz, avvalroq O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlangani xabar qilingan edi.