BMT 2025-2034 yillarni qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashning o‘n yilligi deb e’lon qildi

Har yili atmosferaga 2 milliard tonna qum va chang kiradi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2025–2034 yillar qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashning o‘n yilligi deb belgilandi.
Tegishli hujjat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan o‘tgan yili e’lon qilingan va kecha ilk bor nishonlangan 12-iyul – Xalqaro qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash kuni arafasida qabul qilindi. Mazkur tashabbus xalqaro va mintaqaviy hamkorlik orqali qum va chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan.
“Bir nechta tashabbuslar orqali qum va chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini bartaraf etish ustida ishlamoqdamiz. Mamlakatlarga monitoring va erta ogohlantirish tizimlarini yo‘lga qo‘yishga, asosiy sabablarga qarshi kurashish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam beramiz”, – dedi BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav.
BMTning ta’kidlashicha, chang va qum bo‘ronlari so‘nggi o‘n yilliklarda atrof-muhit, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, aholi turmushi va ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka jiddiy ta’siri tufayli jiddiy global muammoga aylangan. Bugungi kunda mazkur hodisaning kamida 25 foizi antropogen omillar ta’sirida yuzaga keladi. Har yili atmosferaga 2 milliard tonna qum va chang kiradi.
“Ushbu hodisaning ta’sirini kuzatish qiyin, chunki bir mintaqada inson faoliyati boshqa mintaqada qum va chang bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Biroq qum va chang bo‘ronlari inson faoliyati tufayli yuzaga kelgani kabi, bu xavfni inson harakati bilan kamaytirish mumkin”, – deyiladi tashkilot saytida.
Ma’lumot uchun, qum va chang bo‘ronlarini bartaraf etish masalasi 2024-yil 2–13 dekabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadigan UNCCD COP16 tadbirida muhokama qilinadi.
Cheksiz ifloslanish: Markaziy Osiyo davlatlari toza havo uchun kurashish niyatida