TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Olmaotada 11-12 iyul kunlari O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
"Xususan, mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarurligi, buning uchun uchinchi davlatlardan import o‘rnini bosish va to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish lozimligi bildirildi", - deyiladi O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, energetika, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-yig‘ilishi bayoni imzolandi.