TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida “O‘zbekistonning kam uglerodli rivojlanish imkoniyatlari: ssenariylar, oqibatlar, kelajakdagi tadqiqotlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda markaz, Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) va Osiyoda barqaror infratuzilma dasturi (SIPA) ekspertlari ishtirok etdi. Uchrashuvdan maqsad prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan “yashil iqtisodiyot” va “iqtisodda karbonat angidrid gazi chiqindilarini kamaytirish” yo‘nalishlaridagi hamkorlik dasturini ishga tushirish bo‘ldi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonda karbonat angidrid (CO2) chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha samarali yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘llarini belgilab oldilar.
V Sentre ekonomicheskix issledovaniy i reform sostoyalsya krugliy stol na temu "Vozmojnosti nizkouglerodnogo razvitiya Uzbekistana: ssenarii, posledstviya, budushie issledovaniya".
© slujba po svazam s obshestvennostyu SEIR
“O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri va eng katta CO2 emitentlaridan biri hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, elektr stansiyalarida qazib olinadigan yoqilg‘ilarning keng qo‘llanilishi va sanoat jarayonlarining eskirganligi bilan bog‘liq”, — dedi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 30-yil ichida Markaziy Osiyoda havo harorati Selsiy bo‘yicha 1,5 darajaga, ya’ni jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (0,7 daraja) ikki baravar ko‘proqqa ko‘tarildi. Shu bilan birga, prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib, u yana 1,6-2,6 darajaga oshishi mumkin.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari ko‘rilmasa, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2050-yilga borib 10 foizga qisqaradi, bu esa aholi bandligi va daromadlarining sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.
Qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishining biologik xilma-xillikka, atrof-muhitga va potensial iqlim muhojirlariga davom etayotgan ta’sirini hisobga olish kerak.
Shu tariqa, Hamkorlik dasturi doirasida iqtisodiyotning uglerod salohiyatini kamaytirish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonda ushbu jarayonning imkoniyatlarini baholash, shuningdek, zamonaviy tahliliy uslub va vositalarni qo‘llash rejalashtirilgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu dasturning amalga oshirilishi respublikani ekologik toza va kam uglerodli rivojlanish modeliga o‘tishiga yordam beradi.
Muhokama davomida ishtirokchilar, shuningdek, mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan emissiyalarning asosiy manbalari energetika (76 foiz), qishloq xo‘jaligi (18 foiz), sanoat (5 foiz) va chiqindilar (1 foiz) ekanligini ta’kidladilar.
Eng muhim ifloslanish manbalari gaz va neftdan metan chiqindilar (35%), elektr va issiqlik energiyasidan CO2 (21%), sanoat sektoridan CO2, jumladan, qurilish (16%), chorvachilik (15%) va turar joy sektoridan CO2 (13%).
Bundan tashqari, O‘zbekistonning dekarbonizatsiya jarayonlarini (issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar) faollashtirish bo‘yicha asosiy qadamlaridan biri energiya bozorini liberallashtirish ekanligi qayd etildi.
“Bu energiya tejashga yordam beradi va xususiy sektorning qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritishi uchun qulay shart-sharoit yaratadi”, – dedi tadbir ishtirokchilari.
Shuningdek, ular 2030-yilga borib respublikada elektr energiyasiga bo‘lgan talab 120 milliard kVt/soatga yetishini ko‘rsatdi. Ta’kidlanishicha, 2026-yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ishlab chiqarishning umumiy hajmida 25 foizga yetkazish tabiiy gazni tejash va CO2 chiqindilarining 37,4 million tonnaga ko‘payishining oldini oladi.
Ekspertlar uchrashuvi doirasida manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga qaror qilindi.