Sankt-Peterburgda BRIKS parlament forumi ish boshladi —O‘zbekistondan kimlar ishtirok etadi?

BRIKS parlament forumi 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Bugun Sankt-Peterburgda X BRIKS parlament yubiley forumi ish boshlaydi, unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
BRIKS parlament forumi 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Unda 16 ta davlat -Braziliya, Misr, Hindiston, Eron, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Parlamentlararo ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasiga a’zo davlatlar – Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekistondan vakillar ishtirok etadi.
O‘zbekistondan yuqori va quyi palata vakillari ham qatnashmoqda.

“Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov va shu qo‘mita a’zosi Inna Korjikova ham ishtirok etmoqda”, — deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.

Parlament forumida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham so‘zga chiqishi kutilmoqda.
Forumning asosiy mavzusi “Global adolatli rivojlanish va xavfsizlik uchun ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda parlamentlarning roli” etib belgilandi. Federatsiya Kengashi spikerining so‘zlariga ko‘ra, u zamonaviy asosiy vazifalarni lo‘nda aks ettiradi.
Forumning birinchi kunida BRIKS parlament o‘lchovi doirasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga bag‘ishlangan yalpi majlis bo‘lib o‘tadi, unda assotsiatsiya mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqadi.
Barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibdagi yalpi majlis xalqaro munosabatlar tizimi samaradorligini oshirish va uni demokratlashtirishni ta’minlashda parlamentlarning roliga bag‘ishlanadi.
Ikkinchi kuni, shuningdek, kengaytirilgan tarkibda ko‘p tomonlama savdo tizimining parchalanishiga qarshi kurashish va global inqirozlar oqibatlari bilan bog‘liq tahdidlarni bartaraf etishda parlamentlarning roliga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tadi.
Yana bir sessiya gumanitar va madaniy sohalardagi parlamentlararo hamkorlikka bag‘ishlanadi. Bundan tashqari, 12-iyul kuni MDH PA Kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.