O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi oshdi

Olti oy davomida respublika aeroportlarida 53 303 ta reys amalga oshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Birinchi yarim yillikda O‘zbekiston aeroportlari orqali yo‘lovchilar oqimi 36% oshdi, deya xabar berdi "Uzbekistan Airports".
“Uzbekistan Airports” AJ asosiy faoliyat ko‘rsatkichlarini taqdim etar ekan, 2024-yilning birinchi yarmida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha sezilarli o‘sish qayd etilganini ma’lum qildi.
Shunday qilib, 6 oy davomida respublika aeroportlarida 53 303 ta reys amalga oshirildi.
Shundan:
16 319 tasi ichki yo‘nalishlarda;
36 984 tasi esa xalqaro yo‘nalishlarda.
“O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 37% tashkil etdi”, — deyiladi xabarda.
Yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston aeroportlari 6 369 384 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi.
Jumladan:
ichki reyslarda 1 263 304 nafar;
xalqaro reyslarda 5 106 080 nafar.
Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 36% tashkil etgan.
Shuningdek, 2024-yilning birinchi yarmida 40 269 tonna yuk va pochta jo‘natmalariga xizmat ko‘rsatildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 18% ko‘pdir. Bugungi kunda, respublika aeroportlariga 84 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi qatnovlari amalga oshirilmoqda, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15% ko‘proqdir.
Aytilishicha, bu ko‘rsatkich yangi aviatashuvchilarni jalb qilish va bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi yo‘nalishlarni ochish hisobiga oshdi.