TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) ilk bor “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasida o‘z stendi bilan ishtirok etmoqda, deya xabar berdi komissiya
matbuot xizmati. Yekaterinburgda bo‘lib o‘tayotgan “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasida YeIK sanoat va agrosanoat majmuasi vaziri Goar Barsegan ishtirok etdi.
Tadbirning rasmiy qismida Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya hukumat rahbarlari va YeIK vaziri “Transmashxolding” AJ ishtirokidagi hamkorlik loyihasini muhokama qildi. Tomonlar YeOIIda sanoat kooperatsiyasini moliyalashtirish mexanizmi doirasida yangi ishlab chiqarish zanjirini ishga tushirish bo‘yicha kelishib olishdi.
Belarus sanoat vaziri Aleksandr Efimov bilan uchrashuvda Belarusning YeOIIda elektrobus ishlab chiqarish bo‘yicha taklifi muhokama qilindi. Pilot loyiha Armaniston va Qirg‘iziston qiziqish bildirayotgan davlatlararo dastur doirasida allaqachon amalga oshirilmoqda. Vazirlar amaliy jihatlarni muhokama qilib, kooperatsion hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olishdi.
Goar Barseganning Tatariston va Sverdlovsk viloyati vakillari bilan ishchi uchrashuvlarida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tatariston bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko bilan Yevroosiyo texnologik platformalari orqali hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bir qator tashabbuslar Boshqirdiston hukumati bosh vaziri Andrey Nazarov tomonidan ham ilgari surildi.
Komissiya vaziri YeOII va YeIK Ishbilarmonlar kengashining “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida sanoat hamkorligi: imkoniyatlar va istiqbollar” qo‘shma majlisida ham ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiya sanoat hamkorligini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri sifatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi.
U, shuningdek, o‘z so‘zida yangi vositani hayotga tatbiq etishda hududiy korxonalar faol ishtirok etishiga umid bildirdi.