TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini oshirish niyatida. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Mirmuhsin Sultonov Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari muhokama etildi.
“Suhbat chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish va import bojlarini kamaytirish masalalarini muhokama qildilar”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Karachi shahrida logistika markazini tashkil etish va pokistonlik tadbirkorlarning "ITMF/IAF" xalqaro konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-10 sentabr kunlari Samarqand shahrida dunyoning ikki yirik xalqaro to‘qimachilik federatsiyalarining qo‘shma konferensiyasi – Annual Conference ITMF yillik va IAF Fashion Convention bo‘lib o‘tadi. Ushbu keng ko‘lamli tadbir jahon to‘qimachilik sanoatining 1000 dan ortiq yirik ishtirokchilarini birlashtiradi.
Yevropa, MDH, Osiyo, Afrika va Amerikaning 500 dan ortiq xalqaro tashkilotlari, to‘qimachilik kompaniyalari, brendlari va riteylerlari, moliya institutlari rahbarlari birinchi marta jahon to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun bir platformada to‘planadi.