TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi bu yilgi “Osiyo bolalari” o‘yinlarini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Rossiyaning Yakutsk shahrida VIII “Osiyo bolalari” xalqaro sport o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi.
“25 iyun – 6-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi 36 ta oltin, 31 ta kumush va 21 ta bronza, jami 88 ta medal bilan 25 ta davlatdan tashrif buyurgan 30 jamoa orasida birinchi o‘rinni egalladi!”, — deyiladi xabarda.
Mazkur musobaqa kelasi yil O‘zbekistonda o‘tadigan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari oldidan o‘zbekistonlik yosh atletlarning imkoniyatini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyatini berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi “Osiyo bolalari” o‘yinlarini birinchi o‘rin bilan yakunladi
© VIII Igri "Deti Azii"
Delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Yakutsk shahrida 25-iyun-7 iyul kunlari “Osiyo bolalari” VIII xalqaro sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ular sportning 27 ta turi bo‘yicha o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 16 ta (basketbol 3x3, boks, voleybol, dzudo, kurash, yengil atletika, mas-restling, suzish, sambo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, ayollar kurashi, taekvondo WT, mini-futbol, badiiy gimnastika, shaxmat) turida qatnashdi. Sportchilarning umumiy soni 179 nafarga teng. Bu yilgi o‘yinlar dasturiga ilk bor o‘zbek kurash milliy sport turi ham kiritilgan.
Ma’lumot uchun, “Osiyo bolalari” o‘yinlari Osiyo Olimpiya kengashi tashabussi bilan har 4-yilda bir marotaba o‘tkaziladi. 2022-yil Vladivostok shahrida bo‘lib o‘tgan “Osiyo bolalari” VIII o‘yinlarida O‘zbekistondan jami 173 nafar sportchi ishtirok etgan. Ular jami 114 ta (41 ta oltin, 28 ta kumush, 45 ta bronza) medallari bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rin qo‘lga kiritilgan.