Shavkat Mirziyoyev Shushada bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Aliyev TDT rahbarlarini Shushada 32-yilda ilk bor qurilgan turar joy majmuasi bilan tanishitrdi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga tashrifi doirasida Shusha shahrida Ilhom Aliyev hamrohligida bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Shusha “Qorabog‘ durdonasi”, “Kavkaz san’ati markazi” va “Ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan tanilgan shahar. 2021-yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023-yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e’lon qilingan.
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun ushbu shaharga tashrif buyurgan mehmonlar bu yerda 32-yilda ilk bor qurilgan turar joy majmuasiga tashrif buyurdilar. Majmua 23 ta binodan iborat bo‘lib, uning umumiy maydoni qariyb 8 gektarni tashkil etadi.
Shundan so‘ng davlat rahbarlari qurilayotgan yangi masjid loyihasi bilan tanishdilar.
Ozarbayjon rahbari mehmonlarga shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
Prezidentlar, shuningdek, XIX asrda Shushada qurilgan birinchi masjid – Gavhar Og‘a masjidini ziyorat qildilar. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga yuqori baho berdi.
TDT norasmiy sammitining asosiy tadbirlari 6-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.