TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mas’ud Pezeshkiyonni Eron prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.
"Biz katta salohiyat va imkoniyatga ega bo‘lgan, so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan davlatingiz bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni bundan buyon ham izchil va samarali kengaytirishdan manfaatdormiz", - deyiladi maktubda.
Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Mas’ud Pezeshkiyon Eronda 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining ikkinchi bosqichida 53,6% ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. Uning raqibi, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili, konservativ qanot vakili Said Jaliliy 44,3% ovoz bilan mag‘lub bo‘ldi.