Britaniyada yangi bosh vazir: Endi nimalar o‘zgaradi?

Britaniya yangi hukumati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradimi? Rossiya bilan munosabatlarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Bugun saylangan, Britaniyaning yangi bosh vaziri, Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer o‘zining birinchi nutqini eng dolzarb ichki muammolarga bag‘ishladi. RIA Novosti xabariga asosan.
Xususan, Starmer yangi maktablar va arzon uy-joylar qurish, milliy tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash, chegaralar xavfsizligini oshirish, jinoyatchilikni kamaytirish va energiya ta’minoti narxlarini arzonlashtirish ustida ishlashga va’da berdi.
Starmer o‘z nutqida iste’foga chiqqan Rishi Sunakga minnatdorchilik bildirib, bu lavozimni egallagan birinchi osiyolik ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Leyboristlar partiyasi (ishchilar partiyasi) 650 o‘rinli Jamoatlar palatasida 412 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan oldin Parlamentda 14-yil davomida yetakchilik qilgan Konservativ partiya (Rishi Sunak) esa o‘z tarixida eng yomon natija ko‘rsatib atigi 121 o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi.
MGIMOning Yevropa va Amerika davlatlari kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Natalya Kapitonova aytishiga ko‘ra, Britaniya jamoatchiligi aslida Leyboristlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi, faqat bu safar konservatorlar hammaning joniga tekkani uchun shunday ovoz berishgan.
Shuningdek, ekspert aytishiga ko‘ra, Britaniyada hukumat o‘zgarishi Rossiya bilan munosabatlarga ijobiy ta’sir qilmaydi.
"Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar borasida Britaniyalik siyosiy elitasi, ham leyboristlar, ham konservatorlar allaqachon Rossiyaga nisbatan keskin bayonotlar bergan, shuning uchun yaqin kelajakda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi". - dedi Kapitonova.