Shavkat Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi — nimalarga kelishib olindi?

O‘zbekiston yetakchisi XXR raisini respublikaga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, yil yakuniga qadar Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining ikkinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda Xitoy parlamentining yuqori darajadagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari qayd etildi.
Investitsiya loyihalarining joriy portfeli 50 milliard dollardan oshgan. Shu yil boshidan buyon respublikada 3 milliard dollardan ziyod Xitoy sarmoyasi o‘zlashtirilib, 500 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi
“Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va "yashil" energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilishni jadallashtirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Xitoyning yetakchi moliyaviy tuzilmalari bilan hamkorlik kengaymoqda. Xususan, "Ipak yo‘li" jamg‘armasi bilan investitsiya platformasi yaratildi, Xitoy Eksimbanki ko‘magida poytaxtda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Ushbu bankning Toshkent shahrida hududiy filiali ochilishi kutilmoqda.
Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlari rahbarlari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurdi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Anxoy, Szansi, Szansu, Chjeszan, Shandun, Shensi va Shanxay muzofotlari delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘ldi. Pekin, Urumchi va boshqa bir qator shaharlarda savdo uylari ochildi.
Kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi o‘tkazilishi belgilab olindi.
Prezident XXR Raisini kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidladi. Bu muhim yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifi bildirildi.
"Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida transport bog‘liqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi ta’kidlandi.
"Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston tomonining "yagona Xitoy" siyosatini qo‘llab-quvvatlash va "uch yovuz kuch"ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi", — deyiladi xabarda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlik davom ettiriladi.
Turizm, ilm-fan, ta’lim, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
“Yaqinda Toshkentda Markaziy Osiyodagi Konfutsiy institutlari forumi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda XXR oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish, Xitoyning professional ta’lim tizimi - "Lu Ban ustaxonasi"ni keng joriy etish rejalari belgilandi. Ikkinchi Ta’lim forumini kelgusi yilda o‘tkazish taklifi bildirildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti XXR raisini respublikaga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Shavkat Mirziyoyev provel vstrechu s Premyer-ministrom Islamskoy Respubliki Pakistan Shaxbazom Sharifom.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhim ekani qayd etildi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib olindi. Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlandi.