Belarus ShHTning to‘laqonli a’zosiga aylandi

Belarus ShHTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Belarus tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi.
Yig‘ilishda Belarus Respublikasini ShHT a’zoligiga qabul qilish va unga ShHTga a’zo davlat maqomini berish tartibini yakunlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Tegishli hujjatlar bugun Ostonadagi sammitda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolandi.
Qozog‘iston prezidenti ma’lum qilishicha, Belarus qisqa vaqt ichida ShHTda to‘liq ishtirok etish uchun barcha tartib-qoidalarni yakunlagan.
Shunday qilib u tashkilotning o‘ninchi a’zo davlatiga aylandi.
ShHTga 2001-yilda oltita davlat – Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan asos solingan. Keyinchalik ittifoqqa Eron, Hindiston, Pokiston, Belarus qo‘shildi. Kuzatuvchi davlatlar: Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston. Hamkor davlatlar: Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka.