TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda shu yilning 1-sentabridan boshlab yo‘l obyektlari alohida ruxsatnoma olingandan so‘ng quriladi va ta’mirlanadi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Prezident “Yo‘llar va yo‘l infratuzilmasining yaxshi holatda saqlanishini ta’minlash hamda hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obyektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi;
ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda YaIDXP (my.gov.uz) orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi;
ruxsatnoma yo‘l obyektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi;
ruxsatnomada qurilish va ta’mirlashni amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, maqsad va muddat, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli ma’muriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi;
ishlarni amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart hisoblanadi;
ruxsatnoma olmasdan turib qurilish va ta’mirlashni amalga oshirish, ruxsatnomani ilib qo‘ymaslik yoki taqdim etmaslik, xavfsizlik choralarini ko‘rmaslik, shuningdek, ishlar yakunlangandan so‘ng yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, yo‘l obyektida qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlanishiga yordamlashgan shaxslar mukofotlanadi.
“Ruxsatnoma olmasdan yo‘l obyektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirganlik yoki yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik holati bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlanishiga faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi”, — deyiladi xabarda.
Hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tariqasida 2024-yil 1-sentabrdan 2025-yil 1-sentabrgacha joylardagi hokimlar belgilab beradigan muayan hududda bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Ular quyidigilar:
fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi mas’uliyati OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirilishini tashkil qilish;
ko‘p qavatli uylar hovlisi va atrofi, yo‘l hamda ko‘cha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy ko‘rinishini tasdiqlash;
yo‘l va ko‘cha chetlaridagi bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlash.