TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Afg‘oniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holatini hamda qo‘shma yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning borishini ko‘rib chiqishdi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, chegaraoldi savdo zonalari faoliyatini faollashtirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
“Uchrashuvda 250 nafardan ortiq afg‘onistonlik tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan qo‘shma biznes-forum va zargarlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, transport va logistika kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 75 ta yirik Afg‘oniston kompaniyasi mahsulotlari namoyish etilayotgan “Made in Afghanistan” ko‘rgazmasining tashkiliy masalalari ham muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirishi, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni boshlashiga ishonch bildirdi.